AsosiyO‘zbekiston sug‘urta bozori rivojlanish tendensiyalari xalqaro hamjamiyat nigohidaMajlislar va tadbirlarO‘zbekiston sug‘urta bozori rivojlanish tendensiyalari xalqaro hamjamiyat nigohida

O‘zbekiston sug‘urta bozori rivojlanish tendensiyalari xalqaro hamjamiyat nigohida

Joriy yilning 27-iyun kuni Toshkent shahrida joylashgan «Hilton» mehmonxonasida «Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda sug‘urta faoliyatini rivojlantirish istiqbollari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli xalqaro anjuman O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi, Toshkent moliya instituti va «O‘zbekinvest» eksport-import sug‘urta kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil qilinib, unda xalqaro sug‘urta hamjamiyati, sohaning mahalliy va xorijiy ekspertlari hamda tahlilchilari ishtirok etdi.

Anjumanda Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda sug‘urta sektorining rolini oshirish, iqtisodiyotning real sektori, tashqi va ichki investitsiyalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni sug‘urta yo‘li bilan himoyalashning xalqaro tajribasini o‘rganish va muhokama qilish, fuqarolarga ko‘rsatiladigan sug‘urta xizmatlarini rivojlantirish va aholining sug‘urta madaniyatini oshirish, sug‘urta bozorini tartibga solishning prudensial normalarini takomillashtirish hamda sug‘urta faoliyatini raqamlashtirish va axborot xavfsizligini ta’minlash borasida soha ekspertlari tomonidan qimmatli fikrlar bildirildi.

Konferensiyaning yalpi yig‘ilishida so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasida sug‘urta xizmatlari bozori jadal sur’atlar bilan rivojlanayotganligini, xususun, bugungi kunda 42 ta sug‘urta kompaniyalari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga 150 dan ortiq sug‘urta xizmatlari ko‘rsatilayotganligini alohida qayd etdilar.

Kunning ikkinchi yarmida konferensiyaning 4 ta yo‘nalish bo‘yicha tashkil etilgan seksiyalarida davom etgan yig‘ilishlarda davlatga tegishli yirik sug‘urta kompaniyalarini transformatsiya qilish, sug‘urta kompaniyalari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, sug‘urta bozori professional ishtirokchilari faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilishning xalqaro standartlarini joriy qilish, eng muhimi, sug‘urta mahsuloti iste’molchilarining manfaatlarini ishonchli himoyasini ta’minlash borasida amalga oshirilgan qator ijobiy ishlar xususida fikr almashildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston iqtisodiyotini jahon iqtisodiyotiga tobora integratsiyalashuvi, global xavf-xatarlarning oshib borishi, xalqaro sug‘urta hamjamiyati, sohaning ekspertlari va tahlilchilari oldiga hal etilishi dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan qator vazifalarni ilgari surayotganligi ushbu xalqaro anjumanda ma’ruza bilan chiqish qilgan xorijlik olim va mutaxassislar tomonidan alohida tilga olindi.

Konferensiya ishida 200 ga yaqin soha mutaxassislari, ekspertlar, tahlilchilar, professor-o‘qituvchilar hamda ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi. Jumladan, Polsha, Turkiya, Rossiya, Belorussiya, Qozog‘iston va Tojikiston kabi davlatlardan olim va mutaxassislarning o‘z ma’ruzalari bilan chiqishlari konferensiya qatnashchilarida chuqur taassurot qoldirdi.

ru alt

Bizni kuzatib boring

© 2022 — 2025 Insurers.uz. All Rights Reserved.