2023 yil 3 mart kuni Toshkent moliya institutida BMT Taraqqiyot dasturi (United Nations Development Programme) va O‘zbekiston sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasi bilan hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Toshkent moliya institutining O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori S.Mexmonov mazkur tashkilotlar vakillarini institutga tashrifi bilan samimiy qutlar ekan, ular bilan hamkorlikda ko‘zda tutilgan loyihalarni amalga oshirish uchun institutda barcha shart-sharoitlar mavjudligi va bu borada institut hamkorlikka tayyor ekanligini ma’lum qildi.

BMT taraqqiyot dasturi loyiha rahbari O.G‘aybullaev “Sug‘urta va risklarni moliyalashtirishni takomillashtirish” loyihasi doirasida Toshkent moliya institutining 60410600-Sug‘urta ishi bakalavriat ta’lim yo‘nalishida o‘qitiladigan “Sug‘urta ishi” fani dasturiga “Inklyuziv sug‘urta” va 70410601-Sug‘urta ishi magistratura mutaxassisligida o‘qitiladigan “Sug‘urtada risk menejmenti” fani dasturiga “Risklarni moliyalashtirish” mavzularini kiritish maqsadga muvofiqligini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasi kengashi raisi O. Xalilov BMT Taraqqiyot dasturi loyihasi ko‘magida Toshkent moliya institutida sug‘urta sohasi xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha Trening markazini tashkil etishda uyushma har tomonlama yordam berishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida Toshkent moliya instituti huzurida sug‘urta sohasi bo‘yicha Trening markazini tashkil etish, hamkorlikda davra suhbatlari, forum va konferensiyalar uyushtirishga kelishib olindi.